Yana bir ziyo maskani foydalanishga topshirildi
Joriy yilning 23 dekabr kuni Namanganda Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi. Ushbu tadbirda Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.
Tadbirni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ochib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti adminstrasiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov ham o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.
Bugun foydalanishga topshirilayotgan kutubxona Namangan viloyati aholisi, kitobxonlari hamda yoshlar uchun eng sevimli joyga aylandi. Bu yerda masofadan turib kitob o‘qish uchun viloyatlar hamda rivojlangan davlatlar kutubxonalari bilan elektron kitob o‘qish imkoniyati ham yaratilgan. Hududda yuqori tezlikdagi internetga ega bo‘lgan WI-FI zonasi mavjud.
Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi bir vaqtning o‘zida 450 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 573 ming kitob fondi bor. Shundan 200 mingga yaqini badiiy asarlar, 5000 nomdagi elektron kitoblardir. Bundan tashqari 100 mingdan ortiq jurnallar, katta adaddagi gazetalar o‘tmish solnomalari sifatida o‘qilmoqda. 1000 dan ortiq nodir adabiyotlar esa nihoyatda qadrlanib mutolaa qilinadi.
Rekonstruksiyadan so‘ng zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan binoda Bookcafe, yangi adabiyotlarning ko‘rgazmalar zali, media va internet zali, horijiy yozuvchilar asarlarini o‘qib-o‘rganish uchun Do‘stlik o‘quv zali, shuningdek, O‘zbekiston, yoshlar va ilmiy zallar mavjud. O‘quv markazi hamda bolajonlar zali bejirim jihozlangan. Nodirabegim zalida bu halqona shoiraning hayoti va ijodi, u yashab o‘tgan davrdan hikoya qiluvchi eksponatlar ham joylashtirildi.
Bugun bu qutlug‘ dargohni viloyat hokimligi yana 60 ming dona kitob bilan boyitdi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan 50 mln. so‘mlik eng sara adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Ushbu ziyo maskaniga kirgan kishining ko‘zi quvonishi, ko‘ngli to‘lishi aniq. Qishda ham, yozda ham mo'tadil havo kitobxon uchun, saqlanayotgan kitoblar uchun ham birday qulay. Ko‘p yozmaylik, yaxshisi Nodirabegim kutubxonasiga bir keling, unga har kuni keladigan bo‘lib qolasiz.
Ma’lumot o‘rnida Axborot-kutubxona markazi rekonstruksiyasi va ta’mirlash ishlari uchun Axborot sohasi va ommaviy kommunikasiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari xisobidan 10 mlrd. so‘m ajratildi. Viloyat hokimligi tomonidan 1,5 mlrd. so‘mga yaqin obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Комментарии
Отправить комментарий