Til - millat g'ururi
Til insonlarning o’zaro aloqa vositasi bo’lib,
yaratuvchining insonga bergan bebaho ne'matidir. Millatlarni
millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir.Dunyoda har
bir xalqning o’z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi.
Hikmatli so’zlar, she'ru dostonlar, qo’shiqlar avvalo biror bir millatning ona
tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar
ekan u millat boshqa millatlar orasida o’z nufuzi, obro’siga ega bo’ladi. Har
bir xalqqa o’z tili aziz va ardoqli. Sho’rolar davrida rus tili Ittifoq tili
sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko’tarildi. Ayniqsa, ko’p
ming asrlik tarixga ega bo’lgan turkiy xalqlar ham o’z ona tillari dunyodagi
hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo’ldagi sun'iy
to’siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili
darajasiga tushib qolgan o’zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi
taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O’zbek tiliga davlat tili maqomi
berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila
boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko’tardi. Sho’rolar davrida ham o’zbek tilini
tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo’lgan. Xususan,
ona tiliga bag’ishlangan turli tadbirlar o’tkazishga harakat qilingan bunday
tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o’tkazila boshlangan.1988 yil
matbuotda yangi bayram — «Til bayrami» haqida ma'lumotlar paydo bo’la
boshlagan. Bunday bayram Rossiya Federasiyasi, Ukraina, Boltiq bo’yi va Kavkaz
orti respublikalarida va mamlakatimiz poytaxtida ham o’tkazilgani haqida
gazetalarda maqolalar bosilgan. Bu bayramlarning asosiy maqsadi — ona tilini
e’zozlash, ona tili bilan birga boshqa tillarni ham chuqurroq o’rganishga da'vat
qilish bo’lgan. O’zbekistonda ilk bor «Til bayrami» 1988 yil 3 dekabrda
Toshkentning talabalar shaharchasida ToshDUning o’zbek filologiyasi, tarix
fakul’teti, shuningdek, politexnika instituti va boshqa o’quv yurti talabalari
tomonidan o’tkazilgan. Talabalarning «O’zbek tili bayrami» deb nomlangan bu
tadbiri ko’proq miting-namoyishga o’xshab ketardi. Davraga notiqlar chiqib,
ular ona tuproq, ona yurt, xalq, til haqida so’zlab, she'rlar o’qib, ularni
asrashga da'vat qilishdi. Yig’ilganlar «Til — xalq boyligi», «O’zbek tiliga
davlat tili maqomi berilsin!», «Tilga hurmat — elga hurmat» kabi rang-barang
shiorlarni ko’tarib olishgan edi. «Til bayrami»- da xonandalar xalqni,
millatni, tilni ulug’lovchi qo’shiqlar kuylashdi. Yoshlarga alohida zavq-shavq
baxsh etuvchi kichik kulguli sahna asarlari ijro etildi». 21 oktyabrni o’zbek
tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1996 yil 10 sentyabrdagi
311-qaroriga binoan «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kundan
e'tiboran har yili «O’zbek tili kuni»ni o’tkazish, uning 0.4. bandida 21
oktyabr barcha o’quv yurtlarida har yili — o’zbek tili kuni sifatida
nishonlanishi ta'kidlandi. Shular asosida 21 oktyabr — milliy tilimiz bayrami
sifatida rasmiy tarzda nishonlanadi.
Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida
o’tkaziladi. «Ona tilim — jonu dilim», «Tilga e'tibor — elga
e'tibor», «Til — millat ko’zgusi» shular jumlasidandir. O’zbekiston
Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasida
til bayramini o’tkazish bo’yicha yaxshi tajriba to’plangan. Til bayramining
mazmunli va qiziqarli o’tishi har bir o’quv yurti muallimlarining aql-
zakovati, o’z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog’liq. Til bayramiga
taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi.
Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir
inson avvalo o’z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o’rganishlari
zarurligini uqtirib o’tadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so’zlar,
she’rlar, qo’shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til
bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona
tiliga va o’z xalqiga bo’lgan mehr-muhabbatini jo’sh urdiruvchi betakror
bayramdir. Til bayrami shuningdek xalqlar o’rtasida o’zaro totuvlik va do’stlik
rishtalarini mustahkamlovchi muhim omildir.«Uchquduq ko’p millatli shahar, —
deb yozadi «Xalq so’zi» gazetasi muxbiri A. Pirmatov, — bu yerda muomala
madaniyatida davlat tili ustuvorligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Yaqinda shahar
madaniyat saroyida «O’zbek tilini o’rganish orqali o’quvchilarga
konstitutsiyaviy bilim berish» mavzusida o’tkazilgan tadbir ham buni yana bir
bor isbotladi. Tadbirda o’ttizdan ziyod millat va elat farzandlari huquqiy
qomusimizni qanchalik bilishlarini o’zbek tilida ifodalashdi. Jonli tildagi
savol- javoblar, o’tkir zehnlilar bellashuvi, huquqshunoslar va til
mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Bu tadbir shaharda til bayramiga
aylanib ketdi. Davlat tili o’z nomi bilan davlatning ramziy belgisiga
aylanishiga hamma guvoh bo’ldi» («Xalq so’zi», 2001 yil, 25 oktyabr).Toshkent
Davlat yuridik institutida «Davlat tili to’g’risida»gi qonunning 12 yilligiga
bag’ishlangan «Yuksak huquqiy madaniyat — komillik belgisi» mavzuida tadbir
bo’lib o’tdi. Unda ona tilimizning huquqiy bilimlarni ifodalashdagi
imkoniyatlari naqadar kengligi, go’zal va boyligi haqida so’z boradi.
O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimov, adabiyotshunos A. Rasulov, shoir
va tarjimon Yo’ldosh Parda bo’lg’usi huquqshunoslarga tilimizni puxta o’rganish
fazilatlari haqida so’zlab berdilar. Xullas, til bayramining imkoniyatlari
bitmas-tuganmasdir.
Ma’lumot: O’zbek xalq bayramlari. "Sharq”.
T.2002.
Комментарии
Отправить комментарий